«SAMARQAND» telekanali

Telekanal haqida

Samarqand teleradiokompaniyasi haqida

   Asosiy maqsad va vazifalari Respublika Prezidentining Farmon va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Respublika Vazirlar Mahkamasining qarorlari mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, viloyatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidagi yangiliklar, viloyat shahar va tumanlarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, sanoat, kishlok xo’jaligi, qurilish, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, yoshlar tarbiyasi, intellektual salohiyatli, barkamol avlodni shakllantirish yulida bajarilayotgan ishlar xususida ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlab, efirga uzatishdan iborat bo‘lgan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi uzoq yillik tarixga ega.

  1927 yildan Samarqand radiosi o‘z eshittirishlarini muntazam efirga uzata boshladi. 20-asrning 1950-yillari boshida viloyat radiosiga ilk bor “MAK-8” rusumli magnitofonlar olib kelindi. O‘sha vaqtda og‘irligi qariyb 70 kilogram bo‘lgan bu magnitofonlar yangi kanal ochish, eshittirishlar sifatini yaxshilash hamda radio tinglovchilarga xabar va yangiliklarni sifatli yetkazish imkonini yaratdi. Bu o‘z navbatida radioning viloyat ijtimoiy hayotiga yanada samaraliroq ta’sir etish, ishlab chiqarish masalalari va boshqa xalq xo‘jaligi sohalarini efir orqali izchil yoritishga zamin yaratdi. O‘sha davrda radio eshittirishlar to‘rt til – o‘zbek, rus, tojik, Qrim-tatar tillarida olib borilib, umumiy efir vaqti kuniga 1 soatdan oshmagan. 1990 yillarga kelib viloyat radiosi eshittirishlari “Mash’al” radiokanali to‘lqinida har kuni soat 16.30 dan 17.45 ga qadar efirga uzatilgan. 2003 yil 21 mart kuni viloyat radiosi alohida FM-105,2 uzatgich orqali tarqatila boshlandi. Hozirda viloyat radiosi har kuni 18 soat efirga chiqadi. Eshittirishlar o‘zbek, rus va tojik tillarida tayyorlanadi.

    1989 yilda Samarqand televideniyesining viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid dastlabki ko‘rsatuvlari tayyorlanib, oynai jahon orqali tajriba tariqasida efirga uzatildi. 1991 yildan viloyat televideniyesi ko‘rsatuvlari haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari 1 soatdan dastlab “O‘zbekiston”, “Yoshlar” telekanallari to‘lqinida efirga chiqa boshladi. 1992 yildan esa 28-DMV kanali orqali efirga uzatish yo‘lga qo‘yildi. 1996 yilning oxirida viloyat teleradiokompaniyasi Samarqand shahridagi Ozod Sharq ko‘chasi 4-uyga ko‘chirilishi natijasida viloyat radiosi va televideniyesi bir joyda faoliyat ko‘rsata boshladi. 2004 yilda viloyat teleradiokompaniyasi ko‘rsatuvlari haftasiga 8 soat efirga chiqib, qo‘shni Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari aholisi ham ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. 2010-yilning 1-sentyabridan 2013-yilgacha har kuni 11 soat, 2013 yildan 2015 yilning 29-iyuniga qadar 14 soat hajmida efirga berildi. 2004-yilda viloyat teleradiokompaniyasiga Germaniyaning “SIEMENS BFE” firmasidan olib kelingan studiya texnikalari, yoritgichlar, montaj apparaturalari o‘rnatildi hamda TJK videokameralari ishga tushirildi. 2013-yildan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi ko‘rsatuv va eshittirishlarini raqamli tizim orqali efirga uzatish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, televideniyening moddiy – texnika bazasi yanada mustahkamlanib, ish sharoitlari yaxshilandi. Ijodkorlar va texnik xodimlar ixtiyoriga zamonaviy tele-radio apparaturalari jamlanmasi keltirilib, o‘rnatildi. Samarqand viloyatining ma’muriy markazi – Ko‘ksaroy maydonida viloyat teleradiokompaniyasi uchun 4 qavatdan iborat bino qayta ta’mirlanib, teleradio apparatxonalari joylashtirildi va barcha talablarga javob beradigan zamonaviy yangi telestudiya barpo etilib, 2015-yilda teleradiokompaniya ushbu zamonaviy binoga ko‘chib o‘tdi.

 Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab, mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga, so‘z va axborot erkinligini ta’minlashga hamda soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Shu bois bugungi kunda matbuot va ommaviy axborot vositalari xalq fikrining ifodachisi, demokratiyaning muhim tayanchi sifatida shakllandi. Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi ijodkorlari ham mamlakatimiz va viloyatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidagi yangiliklar, viloyat shahar va tumanlarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaga yetkazish bilan birga barkamol avlodni voyaga yetkazish yo’lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ko‘plab ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlamoqda. Kompaniya tele va radiostudiyalari eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy teleradio uskunalar va kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlangan. Bu ham ish unumdorligini oshirish, aholini tezkor axborot bilan ta’minlash, teleradio mahsulotlar ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilayapti. Ayni paytda viloyat televideniyesi ijodkorlari tomonidan viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy hayotiga oid voqea-hodisalar, yangiliklar “Diyor” informatsion, “Tafsilot” axborot-tahliliy, “Sobitiya nedeli” dasturlari orqali keng yoritib borilmoqda. Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi ko‘rsatuv va eshittirishlari hajmi bosqichma-bosqich oshirib borilayapti. Xususan, 2015-yilning 20-aprelidan boshlab Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining kunduzgi ko‘rsatuvlari 14 soatlik hajmda, radio eshittirishlar esa ertalab soat 16 soat hajmda efirga uzatila boshlandi. 2015-yilning 1-iyulidan ko‘rsatuvlar hajmi 18 soatga yetkazildi. Shu o‘rinda aytish kerakki, siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy hayotimizga yangidan–yangi tushunchalar kirib kelmoqda. Yangicha tafakkur, hurfikrlilik kabi demokratik tamoyillar shakllanayotgan hozirgi sharoitda OAVning asosiy vazifasi jamiyatdagi ana shu qarashlar rang-barangligini, turli xil nuqtai-nazarlarni, mavjud muammo va kamchiliklarni aks ettirish, eng muhimi odamlarni erkin fikrlashga da’vat etish, bu ishni o‘zluksiz bir jarayonga aylantirishdan iboratdir. Shu boisdan ham Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi ijodkorlari ko‘rsatuv va eshittirishlar hajmi va ta’sirchanligini oshirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yaratuvchilik ishlarini xolisona yoritish yo‘lida astoydil harakat qilishmoqda.

Yutuqlari

   Jurnalistlarning professional mahoratini oshirish maqsadida o‘tkazilib kelinayotgan “Oltin Qalam” milliy mukofoti tanlovida Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi radio guruhining faxrli o‘ringa munosib ko‘rilganligi ijodkorlarimizni o‘z ustida ko’proq ishlashga, yanada barakali va sermahsul mehnat qilish undamoqda. Bundan tashqari, teleradiokompaniya xodimlari yangi loyihalar asosida yangi ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratishmoqda. Jumladan, “Ochiq muloqot”, “Dolzarb mavzu”, “Agar xulosa qilmasak, xalq bizni kechirmaydi”, “Telegram: murojaat va ijro”, “Taraqqiyot dasturi”, “Yuzma-yuz”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Talqin”, “Oydin oqshom”, “Assalom, Samarqand!”, “Oltin ostona”, “Meros”, “Tomorqa-farovonlik manbai”, “Qishloq mulkdori”, “Zukko kitobxon”, “Nigoh” singari ko‘rsatuvlarimiz shular jumlasidandir.

    Dilmurod Ismatov, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari

Efir soati: 18 soat.

Efir qamrovi: Samarqand, Navoiy, Jizzax viloyatlari bo’ylab.